← Yangiliklarga qaytish
Chop etilgan: 28 Avgust 2026

Mustaqillikning 35 yilligiga bagʻishlangan «Raqamlar va faktlar» seriyasi boshlandi

Kambagʻallik va mehnat bozori tadqiqotlari instituti mustaqillikning 35 yilligi arafasida ijtimoiy davlat qurish, bandlikni taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish yoʻlida erishilgan natijalar haqida «Raqamlar va faktlar» seriyasini boshlaydi.

2026-yil 1-sentabrda Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlaydi. Bu yilgi bayram «Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostida oʻtmoqda. Kambagʻallik va mehnat bozori tadqiqotlari instituti bayram arafasida Oʻzbekistonda inson qadri, uning huquq va manfaatlari ulugʻlanadigan ijtimoiy davlat qurish, bandlikni taʼminlash, zamonaviy ish oʻrinlarini koʻpaytirish, kambagʻallikni qisqartirish hamda yordamga muhtoj toifalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat dasturlari natijalariga bagʻishlangan raqamlar va faktlar seriyasini boshlaydi. Seriya doirasida quyidagi mavzular yoritiladi: yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlangan ijtimoiy davlat kafolatlari; kambagʻallik darajasining 2021-yildagi 17 foizdan 2025-yilda 5,8 foizgacha kamayishi; 2025-yilda 5,4 million kishining daromadli bandlik bilan taʼminlanishi; «Mahallabay» ish tizimi natijalari; ijtimoiy himoya va nafaqalar; aholi daromadlari; ayollar va yoshlar bandligi; 2026-yil uchun belgilangan maqsadlar hamda 2030-yilga borib mutlaq kambagʻallikka toʻliq barham berish marrasi. Barcha materiallar rasmiy manbalar — Statistika agentligi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Prezident qarorlari hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hisobotlari asosida tayyorlanadi va Institutning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida (Telegram, Instagram) eʼlon qilib boriladi. Seriyani kuzatib boring!